Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Bu holatda shar’an qaraganda, ayolning kunduzi uxlab olishi joiz. Uy ishlarini bajarayotgan, emizikli farzandiga qarayotgan, kun davomida charchagan ayolning uxlamasligi uchun hech qanday diniy taqiqlov yo‘q.
Aksincha, bu ayol uxlab, ozroq dam olsa — sog‘lig‘i tiklanadi, farzandiga, eriga yaxshi xizmat qila oladi. Uxlash esa sog‘liq uchun zarur. Kechasi bolaga turish, tongda ibodat qilish uchun ham kuch bo‘lishi kerak.
Ayol uxlayotgani erni ranjitmasligi kerak. Bu yerda erda ichki norozilik bor. Ayrim erkaklar xotinini har doim xizmatda, har doim harakatda bo‘lishini istashadi. Ammo ayol ham inson, u ham charchaydi, dam olishga haqqi bor.
Shariatda ayolning kunduzi uxlab olishi mutlaqo joiz. Er bu haqda norozilik bildirsa, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Ayniqsa, ayol barcha uy vazifalarini bajarayotgan, farzandiga qarayotgan bo‘lsa — u holda bu norozilik asossiz hisoblanadi. Aksincha, er unga yordam berishi, o‘zi bolaga qarab, ayoliga dam olishga imkon berishi kerak.
Alloh taolo Qur’onda marhamat qiladi:
“وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ”
“Ayollar bilan ma’ruf (yaxshi) muomalada bo‘linglar.”
(An-Nisā’, 19)
Ayol bu ummatning omonatidir. Bu sizning farzandingizning onasi. Ayol qancha sog‘lom bo‘lsa, bu erning o‘zi uchun, bolasi uchun foydalidir. Sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘iladi. Ayolning sog‘ligi buzilsa, butun oila izdan chiqadi.
Ba’zi erkaklar ayoliga nisbatan shunday munosabatda bo‘ladiki, xuddi u xizmatkor yoki robotdek qaraydi. “O‘lmaysan-ku!” deb ayolni uxlatmaydi, dam oldirmaydi. Natijada ayolda kuch quriydi, qon kamayadi, tish to‘kilib, immunitet tushadi. Bola parvarishi qiyinlashadi, sog‘lig‘i ham, sabri ham tugaydi.
Shu sababdan shariatda ham, hayotiy tajribada ham bu narsa noto‘g‘ri. Bunday erkaklar ayoliga texnika kabi muomala qiladi: yog‘siz traktorni haydayveradi, oxiri o‘rtada buziladi. Sog‘liq esa baribir o‘zini bildiradi.
Bundan tashqari, bugungi ayollar ilgari bo‘lgan onalar kabi kuchli emas. Ovqatlar, iqlim, ekologiya o‘zgargan. Ko‘p ayollarda qon kamligi, vitamin yetishmovchiligi bor. Ular 2-3 bola tug‘iboq holdan toyadi. Oldinlar ayollar 10-11 bola tug‘ishgan — lekin ovqat tabiiy, parvarish yaxshi, dam olish imkoniyati ko‘proq edi.
Shu sababdan bugungi kunda ayollarni ruhiy va jismoniy qo‘llab-quvvatlash zarur. Sport, vitamin, dam olish — bular zaruriy ehtiyojdir. Ayolni ishlatishdan oldin, uni sog‘lom saqlash kerak.
Rasululloh ﷺning oilaviy hayotidan biz ko‘plab ibratlar olamiz. Bir kuni Rasululloh ﷺga bir sahobiy mehmonga taklif qiladi. Rasululloh: “Ayolimni ham taklif qilganmisan?” deydilar. Sahobiy: “Yo‘q, faqat sizni,” deganida, Rasululloh: “Unda uzr, bormayman,” deydilar. Bu — ayolga bo‘lgan hurmatni ko‘rsatuvchi buyuk namuna.
Shunday ekan, er-xotin bir-birini tushunib yashashi kerak. Ayol o‘z vazifasini a’lo darajada bajarsa, erkak mehr bilan muomala qilsa, sog‘lom oila, sog‘lom farzand bo‘ladi.
Xulosa:
Ayolning kunduzi uxlab olishi — agar u charchagan, bolasiga qarayotgan bo‘lsa — joizdir, hatto zarurdir. Er buni tushunishi, unga yordam berishi kerak. “Farzand dangasa bo‘lib qoladi,” degan vaj — asossiz. Farzandni dangasa qiladigan narsa — onaning uyqusi emas, balki oila ichidagi tushunmovchilik, mehrsiz muhitdir.
Erkak mehribon, muloyim bo‘lsa, ayol ham sabrli, o‘z vazifasini bilgan bo‘ladi. Shunday muvozanatda hayot tinch, oila baxtli bo‘ladi.
Vallāhu A‘lam.