Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Vasiyat shuki, erkak kishi “yedirdim, ichirdim, kiydirdim, bo‘ldi”, deyishi mumkin. Ya’ni, qo‘lga alohida pul berib qo‘yish majburiy shart emas. Agar ehtiyoj uchun bo‘lsa, albatta er berishi kerak. Ammo er ehtiyojlarini o‘zi ta’minlab yursa, oyiga alohida pul berib qo‘yish vojib emas.
Aslida nafaqa degani — yedirish, ichirish, kiyim-kechak, turar joy, kasal bo‘lsa davolanish, farzandlarning ta’lim-tarbiyasi kabi ishlardir. Bu narsalar erning bo‘ynidagi burchdir. Agar er bularni ado qilib tursa, qo‘lga pul berib qo‘yish shart emas.
Ammo agar er ayoliga qo‘shimcha pul berib qo‘ysa, bu uning fazli va yaxshiligi bo‘ladi. Xohlasa beradi, xohlasa bermaydi. Buning uchun ayol erini yomonlab yurishi yoki eridan yashirincha olib ishlatishi mumkin emas. Chunki er xarajatlarni ado qilib turgach, unga “sen menga pul bermading” deb e’tiroz qilish joiz emas.
Har xil erkaklar bo‘ladi: ba’zilarining qo‘li ochiq, sadaqa qiladi, boshqalariga ham beradi; ba’zilar esa juda hisob-kitobchi bo‘ladi. Agar eringiz baxil bo‘lsa ham, sabr qilish kerak. Bu “undan yashirincha olib yeyishing shart” degani emas. Balki, fazilat qilmagan bo‘lsa ham, o‘zining vazifasini bajarayotgan bo‘lsa, kifoya.
Agar er vazifasini bajarmasa, unda ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Abu Sufyon haqidagi hadislari asosida o‘ziga va farzandlariga ma’ruf darajasida, ya’ni urfga yarasha, erining holatidan kelib chiqib yetarli darajada olib ishlatishi mumkin.
Shu bois, bu masalada sabr qilish zarur. Farzandlarni bog‘chaga olib borib kelish masalasi esa o‘zaro kelishuv va sheriklikka boradi. Xalqimiz aytganidek, “Er hotin qo’sh ho’kiz ”. Eringiz boyib ketsa, albatta sizga yaxshi kiyimlar, uy-joy beradi; kambag‘al bo‘lsa, siz ham yonida turib yordamchi bo‘lishingiz kerak.
Siz eringizga yordam bersangiz, bu fazilat bo‘ladi. Shuning uchun oilada shaytonning aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ayol kishi erining fe’lini topib, ko‘nglini olishga, uni rozi qilishga harakat qilsin. Shunda er ham yumshaydi va yaxshiliklari ko‘payadi.
Aks holda, hamma narsani hisob-kitob qilib, gap talashib ketilsa, shayton bundan foydalanadi va oxirida Alloh ko‘rsatmasin, oila buzilishiga olib keladi.
Wallohu a‘lam.