Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Oila >Avtohalokatda oilamni, farzandlarimni yo‘qotdim. O‘z holatimdan rozi emasman, tushkunlikdaman. Menga nasihat bering.

Avtohalokatda oilamni, farzandlarimni yo‘qotdim. O‘z holatimdan rozi emasman, tushkunlikdaman. Menga nasihat bering.

Nashr sanasi: June 25, 2025

Savol :

Ustoz, hayotimda juda ko‘p sinovli kunlar o‘tdi. Eng yaxshi ko‘rgan insonlarim bilan sinaldim. Avtohalokatda oilamni, farzandlarimni yo‘qotdim. O‘z holatimdan rozi emasman, tushkunlikdaman. Farzandimning tarbiyasiga ham deyarli qiziqmay qo‘ydim. Dunyo ishlari ko‘nglimni band qilgan, lekin halovat topa olmayapman. Ibodatlarim mukammal emas, ko‘p hollarda har narsadan ayb izlaydigan, noliydigan bo‘lib qolganman. Allohga chin dildan qaytishni, iymonimni mustahkamlashni, haqiqiy muslima bo‘lishni xohlayman. Iltimos, menga nasihat bering.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Alloh sizga sabr, tavfiq va qalbingizga taskin bersin. Haqiqatan ham, insonning eng suyukli odamlari orqali sinalishi og‘ir sinovdir.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Alloh sizga sabr, tavfiq va qalbingizga taskin bersin. Haqiqatan ham, insonning eng suyukli odamlari orqali sinalishi og‘ir sinovdir. Ayniqsa, ayol kishi uchun eridan, farzandlaridan ayrilish kabi musibat — bu yurakni o‘yib tushadigan azobdir. Siz: “O‘z holatimdan rozi emasman”, deyapsiz, bu tabiiy. Lekin, sabr qilish — bu imonning bir bo‘lagi.

Ulamolar aytadilar: rozi bo‘lish – mustahab, sabr qilish esa – vojib. Shuning uchun sizga maslahatimiz: bu holatda sabrni tark etmang, Allohga isyon keltiradigan so‘zlardan ehtiyot bo‘ling. Bu — sinovdir. Alloh sizni imtihon qilmoqda.

Siz: “Farzandimga tarbiya bera olmayapman”, deyapsiz. Bu shuni anglatadiki, hali sizda farzand bor. Demak, hali ham Alloh sizga bir ne’matni saqlab qolgan. Faqat yo‘qotgan narsangizni emas, qo‘lingizda bor ne’matlarni ham sanab chiqing. Aqlingiz joyida, ko‘zingiz ko‘rayapti, tilingiz ishlayapti, yurib-turayapsiz, savol yozib, maslahat so‘rayapsiz. Bularning har biri — alohida ne’mat. Shularni bitta qog‘ozga yozing: bir tomonga yo‘qotganlaringizni, bir tomonga bor ne’matlaringizni. Ko‘rasizki, Allohning berganlari yo‘qotganingizdan ko‘p ekan.

Alloh bu hayotni sinov uchun yaratgan. Qur’onda aytilgan:

أَحَسِبَ ٱلنَّاسُ أَن يُتْرَكُوٓا۟ أَن يَقُولُوٓا۟ ءَامَنَّا وَهُمْ لَا يُفْتَنُونَ ٢

“Odamlar «iymon keltirdik» deyishlari ila imtihon qilinmay tark etilishlarini o`yladilarmi?” (Al-‘Ankabūt: 2).

Har bir inson hayotida imtihon bo‘ladi. Ba’zida mol bilan, ba’zida jon bilan, ba’zida suyukli odamlar orqali. Bu sinovlar — Allohning irodasi. Qabul qiling, ammo umidni yo‘qotmang.

Endi esa sizga ruhiy ko‘tarinki misol:
Ummu Salama roziyallohu anho — sahobiyalarning eng fazilatlilaridan. Turmush o‘rtog‘i Abu Salama vafot etganda, u aytdilar:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: ‘Kim bir musibatga uchrab, “Inna lillāhi wa inna ilayhi rāji‘ūn” deb aytib, Allohdan ajr so‘rab, “Ey Rabbim, bu musibatimda menga ajr ber va undan yaxshiroq bilan o‘rnini to‘ldir”, desa, albatta Alloh undan yaxshiroqini beradi.’

Ummu Salama bu duoni aytgan bo‘lsalar-da, ichlaridan shunday deb o‘yladilar: “Abu Salamadan ham yaxshiroq inson bormi? Rasululloh bilan sut emgan aka-uka edi, eng birinchi hijrat qilganlardan edi, Alloh yo’lida shahid bo’lib o’lgan bo’lsa.” Shunga qaramay, Alloh Rasulullohning o‘zlarini unga juft qilib berdi. Alloh o‘zining olgan ne’matini undan-da afzal ne’mat bilan almashtirdi.

Demak, singlim, siz ham mana shu duoni ayting:

اللهُـمِّ اْجُـرْني في مُصـيبَتي، وَاخْلُـفْ لي خَيْـراً مِنْـها

“Allāhumma ajurnī fī muṣībatī wakhluf lī khayram minhā”
“Ey Allohim, bu musibatimda menga ajr bergin va undan yaxshiroq bilan o‘rnini to‘ldirgin.”

Agar banda bu duoni chin dildan aytsa, Alloh taolo albatta undan olgan narsasining o‘rniga undan ham yaxshiroqini beradi.

Vallāhu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

0

  • Ayolini opasining uyiga jo‘natmaydigan odam haqida savol.

    July 13, 2025
  • Erim bilan chiqisha olmayapman, oylab gaplashmaydi, uch farzandimiz bor. Yashashni ham, ajrashishni ham bilmayapman. Nima qilay?

    July 12, 2025
  • Ayol kishi erining ruxsatisiz ishlashi joizmi?

    June 3, 2025