Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Asrlarning eng yaxshisi – mening asrimdagilar.” So‘ngra undan keyingi va undan keyingi asrdagilar” deganlar.
Ushbu uch saodat asriga kimlar kiradi va “qorn” deganda nima tushuniladi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “mening asrimdagilar” deganda “qorn” so‘zidan nima maqsad qilganlari borasida ulamolar ixtilof qilishgan. Kimdir 10 yil, kimdir 100 yil, kimdir 120 yil deb belgilagan. Imom Navaviy rahimahulloh va boshqa bir qancha ulamolar kuchliroq deb hisoblagan gap shuki, “qorn”dan maqsad sahobalar bo‘lib, ular qancha yil yashaganidan qat’i nazar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asrlaridagi kishilar hisoblanadi.
“Undan keyingilar” – bu tobeinlar va “undan keyingilar” esa taba’tobeinlar nazarda tutiladi.
Demak, “qorn”dan maqsad ma’lum bir muddat emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida yashagan sahobalardir.
Birinchi asrdan keyin tobeinlar, undan keyin taba’tobeinlar deb aytiladi.
Shuning uchun, “meni asrimdagilar” deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni nazarda tutganlar.
Eng oxirgi sahoba Abu Tufoyl Omir ibn Vosila roziyallohu anhu 110 yilda vafot etganlar.
Sahobalarning asri – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi saodat asri 110 yilgacha davom etgan.
Undan keyin tobeinlarning eng oxirgi vafot etgani Holif ibn Holifa rahimahulloh 181 yilda vafot etgan.
Taba’tobeinlarning eng oxirgisiga kelsak, Hasan ibn Arofah rahimahulloh 257 yilda vafot etgan. U imom Buxoriydan bir yil keyin vafot etgan.
Demak, ushbu hadisda zikr qilingan uch asr – sahobalar, tobeinlar va taba’tobeinlar davri bo‘lib, eng oxirgi 256-257 yillargacha davom etgan.
Ammo bu hadisning ma’nosi shuki, ushbu davrda yashaganlarning barchasi mukammal va maqbul degani emas.
Chunki tobeinlar davrining oxirlarida bid’atchilar paydo bo‘la boshlagan.
220 yildan keyin bid’atlar keng tarqalganini ulamolar aytgan. Mu’tazila, Jahmiya va boshqa firqalar aynan shu davrda chiqqan. Shuning uchun bu hadis umumiy tarzda ushbu uch asrning fazilati haqida xabar beradi. To‘g‘ri, tobeinlar davrining oxirlarida bid’atlar paydo bo‘lgan, ammo 220 yilgacha keng tarqalmagan edi.
Xulosa:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqtagan uch saodat asridan maqsad – sahobalar, tobeinlar va taba’tobeinlardir.
Bu hadisdan olinadigan foyda shuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam maqtagan bu zotlarning Qur’on va Sunnatni tushunishi biz uchun mezon bo‘lishi lozim.
Agar kimningdir tushunchasi sahobalar fahmiga zid keladigan bo‘lsa, albatta sahobalar tushunchasiga qaytish lozim bo‘ladi.
Vallohu a’lam.