Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.
Siz avvalo Qur’onni ravon, to‘g‘ri o‘qiydigan bo‘ling va namoz sahih bo‘lishi uchun — masalan, Fotiha va bir qancha suralarni — yodlab oling.
Deylik, siz yigirma yoshda bo‘lsangiz, bir pora Qur’onni yodlang — yaxshilab, tajvid bilan. Shundan keyin esa shar’iy ilm o‘qiganingiz afzal. Ya’ni shar’iy ilmlarni o‘rganing. Agar shundan keyin ham Qur’on yodlashga muhabbatingiz bo‘lib, imkoniyatingiz bo‘lsa — albatta Qur’on yodlang. Qur’on yodlash – bu juda katta fazilatli amal. Ilm egasi bo‘laman degan odam — ayniqsa shar’iy ilmda mutaxassis bo‘lmoqchi bo‘lsa — albatta qariy (ya’ni Qur’onni yaxshi biladigan) bo‘lishi kerak.
Ya’ni ilmga talabgor bo‘lgan kishi, ayniqsa shar’iy ilmlarda mutaxassis bo‘lishni istasa, Qur’onni yaxshi bilishi kerak. Ammo Qur’on yodlash — maqsad emas. Qur’onni yodlash aslida hammaga farz bo‘lmagan amal. Sizga talab qilingan narsa — bu farz ilmlarni o‘rganishdir.
Bu “farz ayn”dir. Ya’ni uni bilmasangiz, fosiq bo‘lasiz. Bilmasangiz, juda katta xatolarga yo‘l qo‘yasiz. Ana shu bois, birinchi o‘rinda ustuvor (avlavi) bo‘lgan narsalardan biri — farz ayn ilmlarini o‘rganib olishdir. Masalan, ibodatlarga oid masalalar: namoz, ro‘za hukmlari. Agar tijorat bilan shug‘ullansangiz, moliyaviy muomalalarga oid zakot, tijorat hukmlarini bilishingiz lozim.
Agar arab grammatikasini o‘rganishga imkoniyatingiz bo‘lsa — albatta o‘rganing. Qur’on ma’nolarini tushunishga harakat qiling. Chunki Qur’onni tushunib o‘qish bilan tushunmay o‘qish o‘rtasida juda katta farq bor. Alloh Subhānahu wa Ta‘ālā Qur’onni yodlash uchun emas, balki tadabbur (ya’ni fikr yuritish) uchun nozil qilgan.
كِتَـٰبٌ أَنزَلْنَـٰهُ إِلَيْكَ مُبَـٰرَكٌۭ لِّيَدَّبَّرُوٓا۟ ءَايَـٰتِهِۦ وَلِيَتَذَكَّرَ أُو۟لُوا۟ ٱلْأَلْبَـٰبِ ٢٩
Biz sizga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir.
(Sad surasi, 29-oyat)
Shuning uchun bu masalada — ya’ni Qur’onni o‘rganishda — hamma ma’lum, ochiq-oydin haqiqat shuki: ma’nolarni o‘rganish, tadabbur qilish afzal bo‘ladi.
Shuning uchun siz avval bir pora Qur’onni yodlang — yaxshi tajvid bilan. Keyin arab grammatikasini o‘rganib, Qur’onning ma’nolariga e’tibor qarating. Keyinchalik esa, Qur’onni yaxshiroq tushunib olganingizdan so‘ng, Qur’on yodlashni tartibli va ongli tarzda davom ettirsangiz bo‘ladi.
Vallāhu a‘lam.