Bismillah,
Alloh ta`ologa hamdu sanolar, undan keyin payg`ambar bo`lmaydigan payg`ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomat ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo`lsin.
Oltin-kumush zakoti, qog’oz pullar zakoti bilan bir xil, deydi ulamolar. Shunga ko‘ra, ikkalasini jamlagan holda zakot chiqarish kerak bo‘ladi. Chunki ilgari pullar dinor va dirhamdan iborat bo‘lgan; dinor tilla tanga, dirham esa kumush tanga edi. Hozirgi kunda qog‘oz pullar kumush tangalarning o‘rnini bosadi. Shuning uchun o’zida jamlab yeg‘ib kelayotgan oltinlariga qo‘lidagi pullarini qo‘shib, hammasining zakotini birga chiqaradi.
Endi bu yerda faqat bir ixtilofli masala bor: agar jamlagan oltinni shunchaki “bir kun kerak bo‘lishi mumkin” deb yig‘ib kelayotgan bo‘lsa, bunday holda zakot aniq beriladi. Hamma ulamolar nazdida yig‘ib qo‘yilgan oltindan zakot berilishi kerak. Agar “kerak paytda sotib yuboraman yoki qizlarimni uzatganimda ishlataman” degan ma’noda yeg‘ib kelgan bo‘lsa ham, undan zakot berilishi kerak. Bu masalada ixtilof yo‘q.
Ixtilof nimada?
Agar taqib yurgan taqinchoqlari yoki ishlatib yurgan oltin-kumushlari bo‘lsa, shularni qo‘shib hisoblaydimi yoki yo‘qmi, ixtilof shunda. Ba’zilarni aytishicha, yashab turgan uyi yoki kiyib yurgan kiyimidan zakot berish vojib bo‘lmas ekan, taqib yurgan taqinchoqlaridan ham zakot berish vojib emas.
Lekin aksariyat ulamolar, xususan, Hanafiy mazhabining ulamolari, oltin masalasida farq yo‘q deyishadi. U taqinchoqlar hoh yeg‘ib qo‘yilgan bo’lsin yoki ishlatilayotgan bo’lsin, undan qatiy nazar zakot berilishi kerak deydilar. Vallohu a’lam. Mana shu so‘z ehtiyotliroqdir.
Endi tilla taqinchoqlarni boshqa buyumlardan farqi nimada?
Tilla-kumush, va shunga o’hshash taqinchoqlardan tashqari boshqa buyumlar, odatda vaqt o‘tishi bilan qiymatini yo‘qotadi. Lekin oltin va kumush baribir o‘z qiymatini saqlab qoladi. Hadislar ham oltin va kumushlardan zakot berishlik haqida umumiy kelgan, yoki zakot bermaganlar haqidagi tahdidlar umumiy kelgan. Shuning uchun Hanafiy mazhab ulamolari, va ularga mos kelgan ahli ilmlar, oltindan zakot berish kerak deb hisoblaydilar.
Shunga ko‘ra, tilla taqinchoqlari va qo‘lidagi naqd pullarini birga hisoblaydi. Agar kimningdir tijorati bo‘lsa, tijoratiniham hisoblab zakotiga qo‘shadi. Masalan, qo‘lidagi oltin taqinchog’i 10 gramm bo‘lishi mumkin, pullari ozroq bo‘lishi mumkin va tijorat mollariham ozroq bo‘lishi mumkin. Agar har birini alohida hisoblasak, nisobga yetmasligi mumkin. Lekin hammasini qo‘shib hisoblaganda, bir yil davomida ishlatilmay turgan puli, oltinlari va tijorat molini qo‘shib hisoblab, bitta zakot chiqariladi.
Vallohu a’lam.