Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Har xil >Ustoz, ikki marta turmush qurganman. Ajralishimda tilim sabab bo‘lgan. Endi oila qurmaslik haqida o‘ylayapman. Maslahat bering.

Ustoz, ikki marta turmush qurganman. Ajralishimda tilim sabab bo‘lgan. Endi oila qurmaslik haqida o‘ylayapman. Maslahat bering.

Nashr sanasi: June 25, 2025

Savol :

Ustoz, yoshim 34 da. Ikki marotaba turmush qurganman. Ajralishimda erlarimning ham aybi bor, ammo o‘zimning ham tilim yomon edi. Ba’zan so‘zlarim bilan erimga ozor yetkazardim. Shu holatimni o‘ylab, endi umuman oila qilmaslik haqida ham o‘ylab qolaman. Ustoz, ko‘p gapirish va til bilan erga ozor berishni qanday tark qilish mumkin? Maslahat bering.

Javob :

O’xshash savol-javoblar

O‘z kamchiligini tan olish — to‘g‘rilanish sari muhim qadam. Til bilan ozor berishni tark etish uchun Allohning “Al-Halim” ismini, Rasululloh ﷺ va salaflarning siyratini o‘rganing. Yaxshi niyat bilan, sabr va tarbiya bilan yana turmush qurishdan umid uzmang.

Bismillah,

Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg‘ambar kelmaydigan oxirgi payg‘ambar, uning oilasi, sahobalari va qiyomatgacha ularga yaxshilik bilan ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Avvalo shuni aytish kerakki, insonning o‘zidagi kamchilikni tan olishi – bu juda katta ne’mat. Siz tilim bilan ozor berganman deb tan olayapsiz, bu — tuzalish sari qo‘yilgan katta qadam. Ko‘pincha inson aynan mana shu o‘zini tanimaslik sababli to‘g‘rilana olmaydi.

O‘zini tanigan inson esa tuzalishga yondashgan bo‘ladi. Agar foiz bilan aytadigan bo‘lsak, bu to‘g‘rilanishning 50 foiziga teng.

Endi bu muammoni tark etish yo‘li qanday?

  1. Allohning ismlarini o‘rganish – Ayniqsa, Allohning “Al-Halim” (halim – yumshoq, muloyim) ismini, bu sifatning ma’nosini o‘rganing. Alloh qanchalik hilm bilan, sabr bilan bandalariga muomala qiladi – buni ko‘p o‘qish va o‘ylash foyda beradi. Odam o‘z ojizligini, Allohning buyukligini anglay boshlaydi.

  2. Rasululloh ﷺ va salaf solihlarning siyratini o‘rganish – Ayniqsa Ummul Mu’mininlarning (mominlar onalari) hayotidan ilhom oling. Ular qanday sabrli, muloyim, halim bo‘lgan? Ularning erlariga bo‘lgan muomalasidan saboq oling.

Rasululloh ﷺ aytganlar:

“إنما الحِلمُ بالتَّحلُّم، وإنَّما العِلمُ بالتَّعلُّم، وإنَّما الصبرُ بالتَّصبر”
“Hilm (yumshoqlik) – mashq bilan, ilm – o‘rganish bilan, sabr – sabr qilishga harakat qilish bilan hosil bo‘ladi.”

Ya’ni odam bir kechada sabrli, muloyim bo‘lib qolmaydi. Bu tarbiya bilan, mashq bilan, niyat bilan hosil bo‘ladi.

  1. Yaxshi muhit tanlash – Agar atrofingizda sizni “Gapdan qolma”, “Eringga javobini ber”, “Senga kim o‘zi o‘rnak?” kabi ruhsiz, og‘ir maslahatlar beradigan dugonalar bo‘lsa – ulardan uzoqlashing. Chunki ular sizni yaxshilikka emas, ajrim va adovatlarga yetaklaydi. Shaytonning ishini bajaruvchi odamlar bo‘lib qolishi mumkin.

  2. Yaxshi suhbatdosh topish – Salih, dinli, muloyim ayollar bilan do‘st tutining. Ular bilan suhbat va muomala sizni ichki tinchlikka yetaklaydi.

Va nihoyat, siz yosh ekansiz. “Oila qilmay yashasammi?” degan fikrga men qo‘shilmayman. Oila – tabiiy ehtiyoj, turmush qurish – sunnat va ijtimoiy barqarorlikning asosi. Faqat bu safar sabrliroq, sinchkovroq va o‘zingizni ham tarbiyalab, yaxshi niyat bilan turmushga qadam qo‘ying. Sizda hali ko‘p imkoniyatlar bor.

Hayotida musibat va xatoliklar bo‘lgan, lekin undan saboq olib, keyinchalik go‘zal hayot qurib ketgan ayollar juda ko‘p. Siz ham ulardan biri bo‘lishingiz mumkin. Alloh sizga halovat, sabr va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda tavfiq bersin.

Vallāhu a‘lam.

Javob muallifi:

Shayx Sodiq Samarqandiy

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Ayoli kunduzi uxlashini yoqtirmaydigan erkakning savoli.

    July 20, 2025
  • Ayol kishi erining aka-ukalariga aralashishi va eriga aql o‘rgatishi.

    July 20, 2025
  • To‘rtinchi farzand uchun eko qildirish joizmi?

    July 20, 2025
  • Boshiga urib o‘ldirilgan baliqni yesa bo‘ladimi?

    July 20, 2025
  • Ayol kishi odam gavjum joylarda niqob taqib, boshqa payt niqobsiz yursa bo‘ladimi?

    July 19, 2025
  • Yaqinlarga berilgan narsani albatta qaytarish shartmi?

    July 19, 2025