Bismillah, alhamdulillah, vassalatu vassalam ‘ala Rasulillahi, va ba’d.
Birinchidan, “ayol kishiga ergashish harom” degan gapning o‘zi noto‘g‘ri. Bu qanday gap o‘zi? Bunaqa narsa yo‘q. Agar siz shu haqdagi mashhur hadisni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz:
“La yuflihu qawmun wallaw amrahum imroatan” — ya’ni, ishlariga ayol kishini boshliq qilib olgan qavm aslo najot topmaydi, degan hadis. Bu hadis Rasululloh ﷺ tomonidan kofirlar, xususan, forslar haqida aytilgan.
Fuqaholar bu hadis asosida umumiy qoidani olganlar: ayol kishi davlat rahbari (amir) bo‘la olmaydi. Shu hadis asosida ba’zi ulamolar ayol kishining qozilik qilishi ham joiz emas, deganlar. Ammo Abu Hanifa rahimahulloh bu fikrga qo‘shilmaganlar. U kishining fikricha, ayol kishi qozilik qilishi mumkin.
Bu hadisda ayol kishining davlat darajasidagi boshqaruvchilik lavozimi nazarda tutilgan. Undan past lavozimlar bu hukmga kirmaydi, deb aytilgan. Masalan, ro‘zg‘or masalasida erkak boshliq bo‘ladi. Lekin bu faqat er-xotin orasidagi holatga tegishli. Agar ayol kishi eridan ajralgan bo‘lsa yoki eri vafot etgan bo‘lsa, to‘rt-besh farzandini boshqarishga haqqi yo‘qmi? Albatta bor. Farzandlari onasidan so‘rab ish qiladilar.
Shuning uchun bu hadistagi ma’noni to‘g‘ri tushunish kerak: erkak boshliq bo‘lishi lozim bo‘lgan joyda ayol kishi rahbarlik qilsa, bu noto‘g‘ri. Lekin boshqa joylarda — oilada, jamoada yoki ilmiy muhitda — ayolning boshchiligini mutlaq rad etilmaydi.
Ilm olish masalasi esa umuman boshqa. Ayol kishidan ilm olish, unga ergashish degani emas. Oyisha onamiz (roziyallohu anho) butun ummatga ilm berganlar. Halol-harom masalalarining uchdan biri aynan u zotdan rivoyat qilingan. U zotning fiqhiy qarashlari, ijtihodlari hozirgacha bizga yetib kelgan.
Endi, agar Oyisha onamizning fikrini olsak, ayol kishiga ergashgan bo‘lib qolamizmi? Hozir ham, masalan, bir masalada Ibn Abbos, Zayd ibn Sobit yoki Oyisha onamizning qarashlari bo‘lishi mumkin. Endi shunchaki Oyisha onamiz ayol bo‘lganlari uchun u kishining fikrini olmaylik deyish hech qachon aytilmagan va aytilmaydi ham.
Ya’ni, bu ilm olish masalasida ayolga ergashish degani emas. Rivoyat masalasida ham — agar ayol kishi hadis rivoyat qilsa, u mutlaq qabul qilinadi. Ijtihodiy masalalarda ham ayol kishi ijtihod qilib, hukm chiqargan bo‘lsa, u e’tiborga olinadi.
U zotlarning ilmi, fiqhi, fazilatlari e’tiborga olinadi. Bu esa ayol kishini “boshliq qilib oldi” degani emas.
Xulosa shuki, bu hadisni noto‘g‘ri tushunish va noto‘g‘ri joyga talqin qilish natijasida paydo bo‘lgan noto‘g‘ri fikrdir.
Vallohu a’lam.