Bismillahir rohmanir rohiym. Vassalatu vassalamu ‘ala Rasulillah. Amma ba’d.
Bu mavzu — juda keng va muhim mavzulardan biri. Mazhab masalasi o‘ziga xos tarixiy, ilmiy va diniy jarayonlar asosida shakllangan. Albatta, bu haqida alohida muhozara qilish kerak bo‘ladi. Ammo qisqacha bayon qilib o‘tadigan bo‘lsak:
Avvalo, mazhablarning tarixi bilan tanishish lozim. Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe’iy va Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumullohlar hijriy 1–2-asrlarda, ya’ni Hajjoj ibn Yusufning davriga to‘g‘ri keladigan zamonlarda yashaganlar. Bu davrda shariatda usul va furu’lar aniq ajratilgan, ilmiy ravishda tahrir qilinib yozilgan. Nahv, balog‘at kabi fanlar ham rivojlangan. Dalil va qiyoslar asosida masalalar tartibga solingan.
Sahobalar davrida esa, bu tartibda “mazhab” degan narsa yo‘q edi. Lekin bu ularning mazhabi yo‘q edi degani emas. Masalan, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) o‘zlari mujtahid edilar, shariatga oid masalalarda mustaqil fatvo berardilar. Agar bir masalani o‘zlari bilmasalar, boshqa sahobalardan so‘rardilar. Alloh taolo Qur’onda aytadi: “Agar bilmasangizlar, ahli zikrdan so‘ranglar” (Nahl, 43).
Bugungi zamon bilan o‘sha davr o‘rtasida katta masofa bor. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan Abu Bakr roziyallohu anhuga ilm bevosita yetib borgan. Biz esa, hozirda eng past qatlamdamiz — voqealik jihatidan uzoqdamiz. Shuning uchun bizga Qur’on va sunnani to‘g‘ri tushunishda oraliq bo‘g‘in — mujtahid imomlar, ulamolar kerak bo‘ladi.
Alloh taolo shunday asrlar yaratdiki, o‘sha davrda shariatning barcha masalalari tahrir qilinib, yozib qoldirildi. Ilmiy maktablar paydo bo‘ldi, ulamolar mazhab asoschilariga aylandilar. Mazhablar kimdir tayinlagani uchun emas, balki ular xalq orasida ilm o‘rgatib, ishtihod qilganlari, dalillarni tushuntirib berganlari uchun o‘z-o‘zidan shakllangan.
Masalan, Imom Abu Hanifa rahimahulloh o‘z mazhabini Ibrohim Naxo’iydan olgan, u kishiga esa Ibn Mas’uddan, Ibn Mas’ud esa Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) ilm olgan. Ya’ni aslida bu Rasulullohning yo‘llaridir, lekin ishtihod va tartiblash orqali bizgacha yetib kelgan.
Xuddi shunday, Imom Shofe’iy ham o‘z ilmiy asoslarini Imom Molikdan, u kishi esa Zuhriy va boshqa sahobalardan olganlar. Shuning uchun mazhablar zanjiri oxir-oqibat Rasulullohga borib taqaladi.
Bu mazhablar — zamon va voqeaning zaruratidan kelib chiqqan. Dinni o‘rganish, Qur’on va sunnani tushunish uchun mujtahid ulamolarning yondashuvlarini bilish zarur. Bu bo‘lmasa, odam mustaqil haqiqatga yetib bora olmaydi.
Shuningdek, har bir mazhabda usul va istidlol yo‘llari bor. Masalan, Imom Abu Hanifa o‘zlarining dalillarini qayerdan olganini bilmagan odam: “Bizdan emas,” deganlar. Ya’ni, mazhabga ergashmoqchi bo‘lgan kishi, uning asoslarini yaxshi bilishi kerak.
Maqsad — bir mazhabni ko‘z-ko‘r qabul qilish ham emas, boshqa mazhabni rad qilish ham emas. Har bir mazhabda ulkan ilm, tafsir, fiqh, usul va dalillarni tushuntirish bor. Agar odam mazhablarning tarixini, sababi va usulini o‘rganmasa, osonlikcha haqiqatga erisha olmaydi.
Hanafiy mazhabining ilmiy merosi misolida aytadigan bo‘lsak:
Imom Abu Hanifa rahimahullohdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘p kitob qolmagan. U kishining fatvolarini Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy tahrir qilgan. U kishi yozgan: Siyarul Kabir, Siyarul Sag‘ir, Jomi’ al-Kabir, Jomi’ al-Sag‘ir, Mabsut va Ziyodat — ana shu oltita asar “Zohirur-Riwaya” deb ataladi.
Keyinchalik bu kitoblardan Quduri, Bidayatul Mubtadi, Hidaya, Sharh al-Viqoya, Fathul Bab va Inoya kabi kitoblar yozilgan. Bu ilmlar zanjiri Abu Hanifaning ilmiy asoslariga borib taqaladi.
Shu kabi boshqa mazhablarda ham muhim ilmiy manbalar bor: Imom Shofe’iy, Imom Molik, Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahumullohlarning ham mazhablari o‘z usuliga ega.
Mazhablarni rad qilish emas, balki ularning qiymatini tushunish, ulamolarni hurmat qilish kerak. Chunki ular Qur’on va sunnani bizga tushuntirib bergan ustozlardir. Hadislar ham xuddi shunday. Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqa muhaddislar to‘plagan hadislar bizgacha yetib kelgan. Bugun siz qanday izlanmang, baribir Buxoriy, Muslim kabi zotlarga borib taqalasiz.
Xulosa qilib aytganda: mazhablar — haqiqatga yetish uchun vosita. Ular bizga Qur’on va sunnani tushunish yo‘lini o‘rgatadi. Agar inson bu vositalarni inkor etsa, o‘zi yolg‘iz haqiqatga yetaman desa — xatoga yo‘l qo‘yadi. Chunki har bir ilm o‘z ustozidan o‘rganiladi.