Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Namoz >Gʻusl tahorat o‘rniga o‘tadimi?

Gʻusl tahorat o‘rniga o‘tadimi?

Nashr sanasi: March 2, 2025

Savol :

Ustoz, g‘usl tahorat o‘rniga o‘tadimi yoki alohida tahorat qilish kerakmi? Agar g‘usl tahorat o‘rniga o‘tsa, g‘usl niyatiga tahorat niyatini qo‘shish kerakmi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: Agar vojib g‘usl bo‘lsa – u tahorat o‘rniga o‘tadi. Agar mustahab g‘usl bo‘lsa – alohida tahorat qilish kerak.

Bismillah,

Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.

G‘usl tahorat o‘rniga o‘tadimi yoki yo‘qmi degan savol tug‘ilmoqda. Ulamolar g‘uslni ikki turga ajratadilar:

  1. Vojib g‘usl
  2. Mustahab g‘usl

1. Vojib g‘usl – Masalan, junub bo‘lganda, ayol hayz va nifosdan poklanish uchun qiladigan g‘usl.
2. Mustahab g‘usl – Masalan, juma kuni g‘usl qilish yoki ehromdan avval g‘usl qilish, bu ko‘pchilik ulamolar nazarida mustahab sanaladi.

Agar olinayotgan g‘usl vojib g‘usl bo‘lsa, tahorat o‘rniga o‘tadi. Chunki fiqh ulamolari tahoratni katta tahorat va kichik tahorat deb ikkiga bo‘ladilar.

  • Katta tahorat – g‘usl
  • Kichik tahorat – biz bilgan oddiy tahorat

Demak, katta tahoratga niyat qilib (masalan, junublikdan yoki ayol hayzdan poklanish uchun) g‘usl qilinsa, bu tahorat o‘rniga ham o‘tadi.

Bunga dalil:
Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:
“Agar junub bo`lsalaringiz, poklaninglar.” (Al-Ma’ida, 6)

Bu oyatda boshqa qo‘shimcha shart qo‘yilmagan. Ulamolar “poklanib olish” deganda faqat g‘usl qilish nazarda tutilayotganini ta’kidlaydilar, ya’ni tahorat ham g‘usl ichiga kiradi.

Hadis:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
“Boshingizga uch hovuch suv olsangiz kifoya, so‘ng tanangizning qolgan qismlariga suv yetkazasiz, shunda poklanasiz.”
(Imom Muslim rivoyati)

Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam alohida tahorat olishga buyurmaganlar. Chunki kichik nopoklik (hadath asghar) ham katta nopoklik (hadath akbar) ichiga kiradi. Demak, katta nopoklikdan poklanish bilan tahorat ham bajarilgan hisoblanadi.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan:
Bir kishi:
“Men g‘usldan keyin ham tahorat olaman.”
deganida, u kishiga:
“G‘uluv (haddan oshish) ketibsan!”
deb aytganlar.

Shuningdek, Oisha onamiz va Maymuna onamiz rivoyat qilganlar:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘usldan keyin tahorat olganlari kelmagan.

To‘g‘ri, u zot g‘usldan avval tahorat qilganlari haqida rivoyatlar kelgan, ammo bu kichik nopoklikni ketkazish uchun bo‘lgan. Chunki hali katta nopoklik (janobat yoki hayz) ketkazilmay turib, kichik nopoklik ketkazib bo‘lmaydi.

Birinchi tahorat olishning sababi – tahorat a’zolari sharafliroq bo‘lgani uchun shularni yuvish bilan g‘uslni boshlashdir. Ammo bunda tahorat alohida hisoblanmaydi, balki g‘uslning bir qismi bo‘ladi. Agar kimdir tanasiga suv yetkazib, to‘liq g‘usl qilsa, bu bilan tahorat ham bajarilgan hisoblanadi.

Tahoratga niyat qilish shartmi?

Endi savol tug‘iladi:
G‘uslga kirayotganda tahoratga ham niyat qilish shartmi?
Bu masalada ulamolar ixtilof qilishgan:

  • Ba’zilar: “G‘uslning o‘zi kifoya qilmaydi, tahoratga alohida niyat qilish kerak” deyishgan.
  • Ba’zilar, jumladan Shayx Usaymin (rahimahulloh): “Shart emas” deb aytganlar. U kishining fikriga ko‘ra, g‘uslga niyat qilish bilan kichik tahorat ham bajarilgan hisoblanadi.

Ehtiyot chorasi sifatida – g‘uslga kirayotganda katta va kichik tahoratga birga niyat qilish afzal. Shunda ixtilofdan chiqiladi. Ammo kimdir buni unutib, faqat g‘uslga niyat qilsa ham, in shaa Alloh tahorat bajarilgan hisoblanadi.

Ammo bu faqat vojib g‘uslga tegishli.
Agar juma kuni yoki boshqa mustahab g‘usl qilinayotgan bo‘lsa, bu nopoklikdan poklanish uchun emas, balki poklik uchun qilingan g‘usl bo‘lgani sababli, bunda alohida tahorat qilish kerak.

Hatto juma kuni g‘usl qilish vojib deb aytgan ulamolar ham, bu g‘usl nopoklikdan qilinadigan g‘usl emasligi sababli, agar faqat g‘usl qilib, tahorat olmasa, bu tahorat o‘rniga o‘tmaydi deyishgan.

Nega? Chunki kichik tahorat olish vojib, juma g‘usli esa mustahab. Hech qachon vojib amal mustahab amal ichiga kirmaydi.

Agar vojib g‘usl bo‘lsa – u tahorat o‘rniga o‘tadi.
Agar mustahab g‘usl bo‘lsa – alohida tahorat qilish kerak.

Agar g‘usldan oldin tahorat olingan bo‘lsa, masalan, juma kuni avval tahorat qilib, keyin g‘usl qilinsa, bu ham kifoya qiladi.

G‘usl paytida avratga qo‘l tegsa, tahorat ketadimi?

Ba’zi ulamolar:
“Avratga qo‘l tegsa, tahorat ketadi.”
deb aytishgan.

Agar yuvinish chog‘ida avratga qo‘l tegib ketsa, qaytadan tahorat olish kerak deyishadi.

Agar avratga tegmasdan g‘usl tugatilsa – alohida tahorat qilish shart emas.
Agar avratga tegib ketish ehtimoli bo‘lsa, g‘usldan keyin tahorat olib qo‘yish ma’qul.

Vallohu A’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

2

  • Namoz o‘qimaydigan odamga “Hech bo‘lmasa farzini o‘qi” deb nasihat qilish joizmi?

    April 15, 2025
  • Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tish

    April 14, 2025
  • Namozda zam sura esdan chiqsa

    April 13, 2025
  • Namoz sajdasida , «Subhana Robbiyal A’là» ni aytish esidan chiqib qolsa

    April 13, 2025
  • Balog’atga yetkan bolaning to’liq namoz o’qimasligi

    April 12, 2025
  • Namozdagi hatolik

    April 11, 2025