Ustoz, xaridorlarga nasiya mol berib, pulini shu kungi dollar narxida yozib qo’yamiz. Keyin qarzdorlar ba’zan so’m, ba’zan esa dollar qilib to’lashadi. Sizning riba va savdo hukmlari darsingizni eshitgach, bizda bu savdoni joiz ekanligi borasida shubha uyg’ondi. Holbuki, ko’pchilik shu tarzda savdo qilishga o’rgangan. Agar bu tarzda savdo qilish joiz bo’lmasa, qanday ish tutsak, shariatga muvofiq bo’ladi?
Nasiyaga mol berganda boshqa pul birligiga chaqib qo‘yish joizmi?
Savol :
Javobning qisqacha mazmuni: To’lov vaqti kelganda, qarzdor dollar o’rniga so’mda berishni taklif qilsa va bu qo’lma-qo’l amalga oshsa, bunda muammo yo’q. Qolgan qarz esa dollar holida qolaveradi.
Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Bu haqida ko’p savollar tushadi. Aslida bir pul birligida savdo qilinsa, o’sha pul birligida to’lanishi kerak. Asosiy hukm shu. Ammo savdo qilayotgan paytda, masalan, dollarda sotib, nasiyaga berib, keyin uni so’m qilib to’lashni kelishib olish joiz emas.
Ammo, agar savolda aytilganidek, dollarda savdo qilinib, nasiyaga berib, keyin to’lash vaqti kelganda, masalan, har oy 100 dollardan to’lash kerak bo’lsa, shu to’lovni amalga oshirayotganda bozor narxi bo’yicha o’sha kungi kursda hisoblab so’mda to’lash joiz bo’ladi. Masalan, ming dollarlik savdo qilingan bo’lsa, har oyda 100 dollardan berish kerak bo’ladi. Agar qarzdor to’lash vaqtida “Dollar o’rniga so’m bersam bo’ladimi?” desa, bu joiz. Qolgan qarzi dollarda qolaveradi. Agar u keyingi 100 dollarni ham so’mda berishni istasa, o’sha kungi kurs bo’yicha kelishib to’lashi mumkin.
Biroq boshidan buni kelishib qo’yish mumkin emas. Agar savdo qilingan paytda “To’lov so’mda bo’ladi” deb kelishilsa, bu joiz emas. Chunki bu holat pulni pulga ayirboshlashga aylanib qoladi. Masalan, bir kishi ming dollarga bir narsa sotib olsa, uni ming dollar qilib to’lashi kerak. Agar “Dollar o’rniga so’m berasan” deb kelishilsa, u holda u dollarning o’zi bilan ikkinchi marotaba savdo qilgan bo’ladi, va qo’lma-qo’llik (yoki naqd almashtirish) bo’lmagani sababli bu joiz emas.
Ammo, to’lov vaqti kelganda, qarzdor dollar o’rniga so’mda berishni taklif qilsa va bu qo’lma-qo’l amalga oshsa, bunda muammo yo’q. Qolgan qarz esa dollar holida qolaveradi.
Bu masalaga dalil sifatida bir hadis keltiriladi:
Ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi:
“Gohida tuyani dinorga sotar edim va dirham olardim. Gohida esa dirhamga sotib, dinor olardim. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan so’raganimda: ‘Agar o’sha kungi narx bo’yicha bo’lsa va orangizda biron narsa qolmagan holda ajrashsangiz, bu joiz’ – dedilar.”
Bu hadis haqida ulamolar turli fikr bildirgan. Ba’zilar, jumladan Imom Navaviy, uni sahih deb topgan. Boshqalar esa bu Ibn Umarning so’zi bo’lib, uning Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan kelgan hadis emasligini aytganlar. Ammo ko’pchilik ulamolar buni hujjat sifatida keltiradilar.
Bu hadisdаn tushunilishi lozim bo’lgan ikki muhim shart bor:
- O’sha kungi narx bo’lishi kerak – ya’ni savdo qilingan kun emas, to’lov qilingan kun narxi asosida hisoblanishi kerak.
- Orada biron narsa qolmasligi kerak – ya’ni kelishilgan summaning bir qismi hozir, bir qismi keyin berilishi mumkin emas. Masalan, 1000 dollarni 100 dollarni to’lamoqchi bo’lib, uning yarmini hozir, qolganini keyin to’layman deyilsa, bu joiz emas.
Gohida savdo qilayotganda, 50 ming dollarga uy sotiladi va to’lov so’mda qilinadi deb kelishilsa, bu joiz emas. Chunki 50 ming dollarlik kelishuv qilinib, to’lovni so’mda berishga rozi bo’lib kelishib qo’yilgan bo’ladi.
Lekin agar 50 ming dollar qarz qolib turib, har oy uchun alohida kelishib, o’sha kungi kurs bo’yicha so’mda to’lashga rozi bo’linса, bu joiz.
Vallohu A’lam
Ustoz Yusuf Davron
Maqola foydali bo’ldimi?