Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Ro‘za tutishga qodir bo‘lmagan kasal kishilar va qarilar, agar ro‘za tutishdan qiyinchilik ko‘rsa, ro‘za tutmasligi joiz. Alloh taolo aytadi:
فَمَن كَانَ مِنكُم مَّرِيضًا أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍۢ فَعِدَّةٌۭ مِّنْ أَيَّامٍ أُخَرَ
“Sizlardan kim bemor yoki musofir bo`lsa, bas, sanog`ini boshqa kunlardan tutadir.”
Bu, agar kasallik vaqtinchalik bo‘lib, keyinchalik tuzalish umidi bo‘lsa, ro‘zaning qazosini o‘tash kerakligini bildiradi. Lekin o‘ta qari yoki doimiy kasallik tufayli ro‘za tuta olmaydiganlar uchun Alloh taolo:
وَعَلَى ٱلَّذِينَ يُطِيقُونَهُۥ فِدْيَةٌۭ طَعَامُ مِسْكِينٍۢ
“Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya bordir.” deb buyurgan.
Bu oyatga binoan, Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda, qarib qolgan kishilar va doimiy kasal bo‘lganlar har kunlik ro‘za o‘rniga fidya berishi kerakligi kelgan. Fidyaning miqdori haqida ulamolar ixtilof qilishgan. Ba’zilar bir so‘ (taxminan 3 kg taom) berish kerak desa, ba’zilar yarim so‘ (taxminan 1,5 kg) kifoya qiladi deyishgan. Shunday qilib, agar fidya 1,5 kg g‘alla (masalan, guruch yoki bug‘doy) sifatida belgilansa, 30 kunlik ro‘za uchun 45 kg taom berish lozim. Fidya har kuni yoki Ramazon oxirida berilishi mumkin, lekin Ramazondan oldin berish joiz emas.
Fidyani naqd pul shaklda berilishi mumkinmi?
Ulamolar bu borada ixtilof qilishgan: ko‘pchilik fidya faqat oziq-ovqat bilan berilishi kerak deb hisoblaydi, ya’ni yoki 1,5 kg miqdorida taom tarqatiladi, yoki kambag‘allar iftorga chaqirilib to‘ydiradi.
Savolga kelsak, agar inson fidyani to‘lashga qodir bo‘lmasa, u soqit bo‘ladi, ya’ni zimmasidan tushadi. Aslida fidya otaning zimmasida bo‘lib, agar u qodir bo‘lmasa, majburiyat qolmaydi. Farzandning otasi uchun fidya to‘lashi shart emas, lekin agar istasa, savob uchun to‘lab berishi mumkin. Biroq, imkoniyati bo‘lmasa, fidyani keyinga qoldirish yoki bermaslik uchun gunoh yo‘q.
Vallohu a’lam