Ustoz, ba’zi tolibi ilmlarning otalari zakotga haqli emas. Farzandlari xorijda o‘qiganligi uchun mablag‘ga muhtoj va doim ham otasidan pul so‘ray olmaydi. Bu kabi yosh tolibi ilmlarga zakot berishimiz joiz bo‘ladimi?
Otasi zakotga haqli bo‘lmagan tolibi ilmlarga zakot berishning hukmi.
Savol :
Javobning qisqacha mazmuni: Farzandning ta’minoti balog’atga yetguncha otaning zimmasida. Agar otasi zakot olishga haqli bo‘lmasa, farzandiga ham zakot berib bo‘lmaydi.
Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Otasi zakotga haqli bo‘lmagan yosh talabalar masalasi haqida so‘ralmoqda.
Ulamolar aytishadiki, bola balog’atga yetguncha uning nafaqasi otasining zimmasida bo‘ladi. Shuning uchun agar bola hali balog’atga yetmagan bo‘lsa, uning xarajatlarini otasi ta’minlashi shart, va otasi nafaqa qilishi vojib bo’lgan insonga zakotidan berib bo‘lmaydi.
“U doim otasidan so‘ray olmaydi,” degan narsa bu yerda uzr bo‘lmaydi, chunki otasining bo‘ynidagi haqqidir va bola otasidan so‘rashi kerak. Agar bola boqilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-yu, otasi boqishga qodir bo‘lmasa, u holda otasiga zakot berish mumkin, va o‘sha olgan zakotdan bolalarini va ayolini boqishi mumkin.
Masalan, bir kishining ayoliga zakot berish mumkinmi?
Yo‘q, chunki erining unga ta’minot berishi farz hisoblanadi.
Agar er qodir bo‘lmasa yoki o‘z ayolini ta’minlamasa, u holda ayolga zakot berish mumkin.
Xuddi shunday, yosh bola ham otasining zimmasida bo‘lsa, va otasi zakotga haqli bo‘lmasa, unga zakot berib bo‘lmaydi.
Balog’atga yetgan talabalarga zakot berish masalasi:
Agar bola balog’atga yetgan bo‘lsa, bu masala ixtilofli.
Ko‘pchilik ulamolar balog’atga yetgandan keyin bolaning nafaqasi otaning zimmasida emas, deyishadi.
Ya’ni, balog’atga yetgan bola o‘zi ishlashi kerak.
Shu sababli, jamhur ulamolar fikriga ko‘ra, bunday holatda zakot berish joiz.
Agar talaba butun vaqtini ilm olishga sarflayotgan bo‘lsa va ishlash imkoniyati bo‘lsa-yu, lekin ilm bilan bandligi tufayli ishlay olmasa, u holda unga zakot berish mumkin.
Agar otasi unga yordam berayotgan bo‘lsa, lekin yetarli bo‘lmasa, yoki otasi yordam bera olmasa, talaba zakot olishga haqli bo‘ladi.
Agar talabaning o‘qish joyi pullik bo‘lsa, zakotdan foydalanish mumkin.
Agar o‘qish joyi tekin bo‘lsa, faqat shaxsiy ehtiyojlari uchun zakot olishi mumkin.
Masalan, kiyim-kechak, boshqa shaxsiy ehtiyojlari uchun zakot olish joiz.
Lekin, agar yotoq va o‘qish bepul bo‘lsa, u holda zakot olishga hojati yo‘q.
Biroq, ba’zi ulamolar balog’atga yetgandan keyin ham ota bolasini boqishi shart, deb hisoblaydi.
Hanbaliy mazhabi va Shayxul Islom Ibn Taymiyya bu fikrni qabul qilgan.
Ya’ni, agar bola balog’atga yetgan bo‘lsa-yu, o‘zini o‘zi eplay olmasa, u holda otasining uni boqishi farz.
Shuning uchun ehtiyot bo‘lish lozim. Zakot aniq haqli bo‘lgan odamlarga berilishi kerak, chunki ba’zi ulamolar nazarida balog’atga yetgan bola ham otasining zimmasida qoladi. Agar ota zakotga haqli bo‘lmasa, bola ham zakot olishga haqli bo‘lmaydi.
Madrasada o‘qiyotgan talabalar masalasi:
Ba’zilar madrasalarda o‘qiyotgan talabalarga zakot berishadi, lekin bunda ehtiyot bo‘lish kerak.
Madrasada o‘qiyotgan har bir talaba zakot olishga haqli emas, chunki ular orasida boy oiladan bo‘lganlar ham bor.
Agar ota-onasi farzandini yetarli darajada ta’minlab turgan bo‘lsa, bu talabaga zakot berib bo‘lmaydi.
Agar madrasada umumiy xarajatlar uchun zakot yig‘ilsa, unda ehtiyot bo‘lish lozim.
Zakot faqat muhtoj bo‘lgan talabalarga ajratilishi kerak, aks holda boy oiladan bo‘lgan talabalar ham zakot mablag‘idan foydalanib yuborishi mumkin.
Misol uchun:
Agar madrasaning oylik xarajati 100 dollar bo‘lsa, bu xarajat zakotdan faqat haqli bo‘lgan talabalar uchun ishlatilishi lozim.
Boy oiladan bo‘lgan talabalar esa o‘zlari to‘lashi kerak.
Agar barcha talabalar nomidan zakot to‘lab yuborilsa, unda haqli bo‘lmaganlarga ham zakot ishlatilib qolgan bo‘ladi.
Vallohu A’lam.
Ustoz Yusuf Davron
Maqola foydali bo’ldimi?