Mashhur qidiruvlar:

tavhid namoz zakot
Bosh sahifa >Namoz >Masjidga qo‘shni bo‘lgan odam taroveh namozlarini imomga iqtido qilib uyda o‘qisa bo‘ladimi?

Masjidga qo‘shni bo‘lgan odam taroveh namozlarini imomga iqtido qilib uyda o‘qisa bo‘ladimi?

Nashr sanasi: January 27, 2025

Savol :

Ustoz, Uyimiz masjidning yonida joylashgan, farz namozlarida imomning ovozi aniq eshitilib turadi. Bu holatda taroveh namozini uyda turgan holda masjiddagi imomga ergashib o‘qisam bo‘ladimi?

Javob :

O’xshash savol-javoblar

Javobning qisqacha mazmuni: Aksar ulamolar bundan qaytarganlar.

Bismillah,
Alloh taologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salovot va salomlar bo’lsin.

Masjiddan tashqaridagi kishi masjiddagi imomning qiroatini eshitib iqtido qilsa bo’ladimi?

Bu masalada ixtilof bor. Agar masjidning ichida bo‘lsa, iqtido qilish joiz, deyishgan. Saflarning tutashgan yoki tutashmaganligi muhim emas. Masalan, ba’zan oldingi saflar to‘lib, namozxonlar masjidning orqa qismida bo‘ladilar. Hatto masjid to‘lmagan bo‘lsa ham, masjid oxirida turib iqtido qilish mumkin, degan ulamolar. Agar imomning ovozi eshitilsa yoki imomni ortidagi namozxonlarni ko‘rib turgan bo‘lsa, bu holatda ham joiz.

Masjid ichida bo‘lsa, hattoki imomni yoki imomga iqtido qilayotganlarni ko‘rmasa ham, faqat ovozini eshitib tursa, iqtido qilishi mumkin. Masalan, masjidda alohida xonalar bo‘lishi mumkin. Bu xonalar devor bilan to‘silgan bo‘lsa ham, agar ovoz eshitilsa, undagi odamlar iqtido qilishlari mumkin.

Ammo masjiddan tashqaridagi kishi – masalan, masjid qo‘shnilari yoki masjid yonidagi do‘kondagi kishilar o‘z do‘konidan yoki uyidan turib iqtido qilishlari mumkinmi? Bu masalada ixtilof bor. Ba’zi ulamolar joiz, deganlar. Hanafiy ulamolari va Imom Molik (rahimahulloh) juma namozidan boshqa namozlarda iqtido qilish joiz, deb hisoblaganlar. Lekin Shofi‘iy va Hanbaliy mazhablariga ko‘ra, masjiddan tashqaridagilar iqtido qilishi mumkin emas, hatto ovoz eshitilsa ham.

Faqat bitta holatni mustasno qilishadi: agar masjid to‘lib, odamlar sig‘may tashqariga chiqib ketsa, masjid tashqarisidagilar imomga iqtido qilishlari mumkin. Ammo masjidda joy bo‘la turib, masjid tashqarisida turib iqtido qilish joiz emas, deyishgan.

Joiz, deganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyida hujralarida turib namoz o‘qiganlarini dalil qiladilar. Sahobalar esa tashqarida turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iqtido qilganlarini misol keltiradilar. Bu nafl namozda bo‘lsa ham, farz namozga ham shu hukmni tatbiq qilish mumkin, deyishgan. Chunki nafl namozga tegishli bo‘lgan hukm farz namozga ham taalluqlidir. Faqat dalil bilan sobit bo‘lsagina, bu ikkisi o‘rtasida farq qilinadi.

Shunday bo‘lsa-da, bu masalada ehtiyot bo‘lgan yaxshi. Agar namoz o‘quvchi erkak bo‘lsa va farz namozni nazarda tutayotgan bo‘lsa, masjidga chiqishi shart. Azon aytilganda, uzri bo‘lmasa, chiqishi kerak. Agar uzri bo‘lsa (kasallik yoki ayollar jamoati kabi holatlar), ular uchun jamoat vojib emas. Shu sababli iqtido qilish joiz emas, degan ulamolar ham bor.

Ehtiyot uchun iqtido qilmaslik yaxshi. Masjidda joy bo‘la turib, masjidga yaqin qo‘shni bo‘lganlar ham uyidan turib iqtido qilmaganlari afzal. Aks holda, uzoq masofadan turib ham iqtido qilish mumkin, degan narsaga yo‘l ochiladi. Masalan, Makkani boshqa diyorlarda turganlar video orqali kuzatib turib, iqtido qilsa bo‘ladimi, deb so‘rashgan. Ulamolar bu joiz emas, deyishgan va ittifoq bilan bunga qarshi chiqqanlar.

Masjidga yaqin bo‘lsa ham, agar masjid to‘lmagan va odam tashqariga chiqmagan bo‘lsa, iqtido qilmaslik yaxshi. Bu ibodat uchun ehtiyot chorasi bo‘ladi. Ikkinchidan, jamoat deganda jamlanish ma’nosi topilishi kerak. Jamoat, ya’ni namozxonlar masjidda bir joyda jamlanishi lozim. Agar masjid to‘lib ketib, tashqariga chiqilsa, bu holatda ham jamlanish ma’nosi topiladi. Lekin bu shartlar topilmasa, tashqarida turganlarning jamoatga iqtido qilayotganligi anglashilmaydi.

Agar shu vaqtgacha joiz, degan ulamolar so‘ziga binoan namozlarini o‘qib kelgan bo‘lsalar, qayta o‘qish kerak deyilmaydi. Ammo bundan keyin iqtido qilmasliklari afzal.

Vallohu a’lam.

Javob muallifi:

Ustoz Yusuf Davron

Maqola foydali bo’ldimi?

1

  • Namoz o‘qimaydigan odamga “Hech bo‘lmasa farzini o‘qi” deb nasihat qilish joizmi?

    April 15, 2025
  • Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tish

    April 14, 2025
  • Namozda zam sura esdan chiqsa

    April 13, 2025
  • Namoz sajdasida , «Subhana Robbiyal A’là» ni aytish esidan chiqib qolsa

    April 13, 2025
  • Balog’atga yetkan bolaning to’liq namoz o’qimasligi

    April 12, 2025
  • Namozdagi hatolik

    April 11, 2025