Bismillah,
Alloh ta’ologa hamdlar, undan keyin payg’ambar bo’lmaydigan payg’ambarga, uning oilasi, sahobalari va to qiyomatgacha ularga yaxshilikda ergashganlarga salavot va salomlar bo’lsin.
Tavhidni uchga bo‘lish masalasi – yangilik emas
Tavhidni uchga bo‘lish masalasi dinda yangilik kiritish yoki bid’at emas. Bu – tavhidning mohiyatini tushuntirish uchun ulamolar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy taqsimotdir. Ushbu taqsimot Qur’on va Sunnatga asoslanadi va insonlarga Allohga bo‘lgan yakkayu yagona e’tiqodning mazmunini yaxshiroq anglashga yordam beradi.
Tavhidning uch bo‘limi:
Tavhidi Rububiya – Allohni yaratuvchi, boshqaruvchi va barcha narsaning egasi sifatida yakkalash.
Rububiyat deganda Allohning barcha narsani yaratgani, rizq berishi, o‘lim va hayotni boshqarishi nazarda tutiladi. Hech kim bu borada Allohga teng kelolmaydi. Masalan, Qur’oni Karimda:
“Barcha hamdu sanolar olamlar Robbi bo‘lgan Allohgadir” (Fotixa, 1:2).
Bu oyat tavhidi rububiyaning asosiy dalillaridan biridir.
Tavhidi Asmo va Sifat – Allohning go‘zal ismlari va sifatlarida yakkalash.
Bu degani Allohning ismlari va sifatlariga hech kim teng emas. Masalan, Allohning “Molik” (hukmdor), “Basir” (ko‘ruvchi), “Samiy” (eshituvchi) kabi sifatlari bor. Bu sifatlarda hech kim Allohga sherik bo‘lolmaydi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) folbinlarga borishni taqiqlab, bunday qilgan kishi Qur’onga kufr keltirganini ta’kidlaganlar, chunki folbinlar Allohga xos bo‘lgan “g‘aybni bilish” sifatini o‘zlashtirishga urinadi.
Tavhidi Uluhiya – Ibodatda faqat Allohni yakkalash.
Allohni yakkalash degani, ibodat, duo, nazr va barcha ibodat turlarini faqat Uning O‘ziga qaratishdir. Masalan:
“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so`raymiz.” (Fotixa, 1:5).
Bu oyat tavhidi uluhiyaning dalili bo‘lib, barcha ibodatlarning yagona sohibi Alloh ekanini ko‘rsatadi.
E’tirozlarga javob
Ba’zi odamlar tavhidni uchga bo‘lish masalasini bid’at deb e’tiroz qilishadi. Ammo bu noto‘g‘ri tushunchadir. Chunki bid’at – din asoslarida mavjud bo‘lmagan narsani kiritishdir. Tavhidni uchga bo‘lish esa, dinda mavjud bo‘lgan tushunchalarni tizimli ravishda bayon qilishdir. Masalan, fiqh ilmi tahoratni buzuvchi narsalarni sanab o‘tgan. Qur’on yoki Sunnatda bu to‘liq ro‘yxat keltirilmagan bo‘lsa-da, ulamolar dalillarni birlashtirib, tahoratni buzadigan holatlarni aniqlashgan. Hech kim buni bid’at demaydi. Tavhidni uchga bo‘lish ham xuddi shunday ilmiy yondashuvdir.
Dalillar bilan tushuntirish
Tavhidning uch bo‘limini Qur’onning Fotixa va Nas suralaridan kuzatish mumkin. Masalan, Fotixa surasida:
“Olamlarning Robbisi” – Tavhidi Rububiya,
“Ar-Rahmon, Ar-Rahim, Qiyomat kunining Egasi” – Tavhidi Asmo va Sifat,
“Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so`raymiz.” – Tavhidi Uluhiya.
Nas surasida ham shunday dalillar bor:
“Odamlarning Robbisidan” – Rububiya,
“Odamlarning Podshohidan” – Asmo va Sifat,
“Odamlarning Ilohidan” – Uluhiya.
Xulosa
Tavhidni uchga bo‘lish masalasi Qur’on va Sunnatda mavjud bo‘lgan tushunchalarni tizimlashtirishdan iborat. Bu yangilik emas, balki dinda bor bo‘lgan narsalarni aniq va izchil bayon qilishdir. Shuning uchun bu ilmiy yondashuvni bid’at deb atash noto‘g‘ri.
Vallohu a’lam.