Ibn Rajab (rahimahulloh) aytganlar: “Mo’min kishi Ramazonning ketishiga qanday qilib ko’z yosh to’kmasin, axir u keyingi Ramazonga yetib borishini bilmaydi-ku?”
Haqqatan ham, birodarlar, Ramazon oyining ketishi bizni g’amgin qiladi. Kelasi Ramazongacha qanchamiz qolamiz-u, qanchamiz yo’qmiz?
Har bir mo’minning qalbidan bir nolish o’tadi: “Qaniydi ko’proq amal qilib qolganimda edi, vaqtlarimni behuda sarflamagan bo’lsam edi” deb afsuslanadi. Ammo bo‘lar ish bo‘lib bo‘ldi. Bizlar ro‘za, qiyomullayl, Qur’on tilovati kabi amallarga odatlanmaganligimiz sababli ko‘p vaqtimizni boy berib qo‘ydik. O‘zimizga zulm qildik. Alloh bizlarni kechirsin.
Ammo, birodarlar, haliham Alloh taolo rahmat va mag‘firat eshiklarini ochiq tutmoqda. Haliham Jannat eshiklari ochiq – agar harakat qilsak, unga kirishimiz mumkin. Haliham Jahannam eshiklari yopiq – undan qutulish imkoniyati bor.
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar:
“Innamal a’mālu bil-khawātim” – “Amallar yakuniga qarab baholanadi.”
Ibn al-Jawziy (rahimahulloh) yozadilar:
“Poyga oti marraga yaqinlashganini bilganda g‘alaba uchun barcha kuchini sarflaydi. Poyga otidan ham aqlsizlik qilib qolmagin!”
Darhaqiqat, amallar yakuniga qarab baholanadi. Agar Ramazonni yaxshi kutib ololmagan bo‘lsang, ehtimol uni chiroyli ravishda kuzatib qo‘yishda muvaffaq bo‘lar zsan.
Ibn Rajab (rahimahulloh) yana aytadilar:
“Ey Allohning bandalari! Ramazon yakunlanmoqda. Kim uni yaxshi o‘tkazgan bo‘lsa, shunday holatda yakunlasin. Kimki orqada qolgan bo‘lsa, endi uni eng go‘zal tarzda yakunlasin. Chunki amallarning mukofoti ularning yakuniga qarab bo‘ladi.”
Birodarlar, Ramazonni qanday o‘tkazgan bo‘lsak, o‘tkazdik – Alloh barchamizni kechirsin. Bizni masjidlardagi hatm tugagani bilan aldanib qolmaslik kerak. Hatm tugagani Ramazon tugadi degani emas!
Mo‘min kishi nima qilishi kerak?
1. Qabul bo‘lmaslikdan qo‘rqishi kerak.
Har bir mo‘min qilgan ibodatining qabul qilinmaganidan qo‘rqmog‘i lozim. Chunki biz ibodatlarimizda loqaydlik, g‘iybat, ig‘vogar so‘zlar bilan band bo‘ldik. Holbuki, Alloh taolo aytadi:
“Innama yataqabbalullohu minal muttaqīn” “Albatta, Alloh faqat taqvodorlardangina (amallarni) qabul qiladi.” (Moida, 5:27)
Yana Alloh aytadi:
“Ular sadaqalarni, Parvardigorlariga qaytishlaridan qo‘rqib, qalblari titrab turib beradi…”
Oisha onamiz (roziyallohu anho) Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) so‘radilar:
“Ey Allohning Rasuli, bu oyatda zikr qilingan kishilar – o‘g‘rilik, zino yoki ichkilik qilganlar haqida emasmi?”
Rasululloh ﷺ dedilar:
“Yo‘q, ey Abu Bakrning qizi. Bu oyat – namoz o‘qiydigan, ro‘za tutadigan, sadaqa beradigan va (shunga qaramay) Allohdan qabul qilinmasin deb qo‘rqadiganlar haqidadir.”
2. Allohdan qabul so‘rash kerak.
Salaflar Ramazon kelishidan 6 oy avval Allohdan unga yetkazishini so‘rardilar. Ramazon o‘tganidan so‘ng yana 6 oy uni qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar.
Amir ibn Abdulloh ibn Zubayr og‘ir xastaligi chog‘ida ko‘p yig‘lardi. Undan so‘rashdi:
– “Nega yig‘layapsiz?” – “Allohning Kitobidagi oyat tufayli: ‘Albatta, Alloh faqatgina taqvodorlardan qabul qiladi.’ (Moida, 5:27)”
Ibrohim va Ismoil (alayhimas-salom) Ka’ba poydevorini ko‘tarayotgan paytda dedilar:
“Robbana taqabbal minna, innaka Antas-Samī‘ul-‘Alīm”
“Parvardigoro, bizdan (bu amalni) qabul qilgin! Albatta, Sen eshitguvchi va bilguvchisan.” (Baqara, 2:127)
Olimlardan biri ushbu oyatni tilovat qilib, yig‘lab yuborib shunday degan:
“Ey Rahmonning do‘sti Ibrohim! Sen Rahmonning uyini qurayapsan, lekin qabul qilinmasligidan qo‘rqayapsan!”
Fuzayl ibn ‘Iyod (rahimahulloh) aytadilar:
“Agar Alloh mendan xantal urug‘i og‘irligicha bir amalni qabul qilganini bilsam, bu menga butun dunyo va undagi narsalardan ko‘ra azizroq bo‘lur edi.”
3. Allohga hamd va istig‘for aytish kerak.
Alloh bandalari ikki holatda bo‘ladilar:
- Alloh bergan ne’matlar uchun shukr qiladi,
- Gunohlari uchun istig‘for aytadi.
Birodarlar, biz Allohga hamd aytishimiz kerak – U bizga ibodat qilishga tawfiq berdi, ro‘za tutish, tarovih o‘qish imkonini berdi. Necha-necha insonlar bu ne’matlardan mahrum bo‘ldi.
Shuningdek, biz istig‘forni ko‘paytirishimiz kerak – chunki biz bu ibodatlarni Allohga munosib tarzda ado eta olmadik.
Biz ojizmiz, nuqsonlikmiz. Inson qanchalik yaxshi niyat qilmasin, qilgan amallari nuqsonsiz bo‘lmaydi. Shu sababli, har bir ibodatning oxiri istig‘for bilan tugashi kerak.
Namoz, Hajj, ro‘za, hatto suhbatlar – barchasining oxirida istig‘for bor. Chunki istig‘for – bandaning kamtarligi, Allohdan qabul so‘rashi va o‘z nuqsonini tan olganining belgisi.
Alloh barchamizdan rozi bo‘lsin. Amallarimizni qabul qilsin. Ramazon yakuni baraka, mag‘firat va hidoyat bilan tamom bo‘lsin. Amin.
Leave a Reply